Среда, 04.12.2024, 13:12
Hush kelibsiz Mehmon | RSS

Said Ahmad "Ot bilan suhbat" - Giyos/FORUM

[ Yangi izohlar · Qatnashchilar · Forum qoidasi · Izlash · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
Said Ahmad "Ot bilan suhbat"
GiyosДата: Суббота, 12.01.2013, 17:36 | Сообщение # 1
Полковник
Группа: Administrator
Сообщений: 2492
Репутация: 45
Статус: Offline

OT BILAN SUHBAT

Urgutda adir tepasidagi Navro‘z bayrami o‘tkaziladigan yalanglikka chiqadigan tik so‘qmoq yonboshida bir qabr bor. Andak to‘xtab, unga e’tibor bering. Bu jangchi, qahramon otning qabri. U frontda yaralangan egasini olib ketayotgan sanitar vagoni orqasidan yugurib, poezd tezlab ketganda yetolmay, yo‘lda qolib ketgan. Necha oylab tog‘-toshlardan, daryolardan o‘tib, cho‘llarda sargardon bo‘lib, oxiri Urgutni topib kelgan. Bu vafodor ot egasini ko‘rish ilinjida oylab Samarqand vokzalidagi poezdlarni boshdan-oyoq aylanib chiqadi. O’ziga tanish sanitar vagonni topolmay, kelgusi poezdni kutadi. Ur-gut bilan Samarqand oralig‘ida qatnayverib, tuyoqlari yemirilib, yurishga imkon bermay qo‘yadi. U oxiri qadrdon chavandozga ilhaq bo‘lib jon beradi.
1960 yilda konchilar to‘g‘risida biron nima yozish niyatida Ohangaronga bordim. Yuz metrcha chuqurlikdagi shaxtaga tushganimda g‘aroyib voqeaga duch keldim. Bu voqea meni hali-hali larzaga soladi. Ilgari boshimga qora kunlar yog‘ilganda Jezqo‘rg‘on mis konlari shaxtalarida ishlaganman. Yer qa’ridagi bunaqa hayot menga tanish edi. Boya aytganim — meni larzaga solgan narsa — ko‘mir konida 17 yildan beri yorug‘lik ko‘rmay, toza havodan nafas olmay yashayotgan ot edi.
Bu ot qirq birinchi yili frontga jo‘natiladi, ikki yil jang qiladi. Yaralangan otlar qatori «brak» qilinib, ko‘mir konlari boshqarmasi ixtiyoriga yuboriladi. Shu tariqa u frontdosh do‘stlari bilan Ohangaronga kelib qoladi. Usha paytlarda elektr quvvatining yetishmasligi tufayli texnikani ishlatib bo‘lmasdi. Elektr quvvati faqat shaxta ichini yoritish va havoni tozalovchi ventilyatorni aylantirishga zo‘rg‘a yetardi. Otlar yer tagiga tushirildi. Ko‘mir ortilgan vagonchalarni tortish shular zimmasiga tushdi. Yarasi bitib, asil holiga kelgan ot isyon ko‘tarib, yuk tortmay qo‘ydi. Shunda yer ustidan bir yahudiy mol do‘xtiri tushib, uni axta qilib qo‘ydi. Ana shundan keyin u yuvvosh tortib, itoatli bo‘lib qoldi. Ko‘p otlar xavo yetishmasligidan, og‘ir mehnatdan birin-ketin o‘la boshladilar. Yuqori quvvatli elektr liniyalari tortib keltirilgandan keyin otlar kerak bo‘lmay qoldi. Ular ishdan ozod qilinib, yer betiga chiqazildi. Ammo, yorug‘likka chiqqach, qorachiqlari kengayib ketgandan kuchli yorug‘likka chidamay, hammasi ko‘r bo‘lib, badbo‘y iflos havoga o‘rgangan o‘pkalari toza havoga dosh berolmay qoldi. Shaxtada qolgan uch-to‘rt ot ham o‘lib ketdi. Faqat shu birgina ot hamon yer qa’rida yashayapti.
Boshimdagi kaska chirog‘ini otga tushiraman. U jim-gina turaveradi. U axta qilinganidan buyon ana shunaqa befarq, loqayd bo‘lib qolgan ekan.
Menga hamroh bo‘lgan kon muhandisiga qarayman.
— Buni nima qilmoqchisizlar? Yuqoriga chiqazilsa ko‘r bo‘lib, o‘lib ketadi. Bechora shu yerda yashayveradimi?
— Boshqa iloj yo‘q. Xudo qancha umr bergan bo‘lsa shu yerda poyoniga yetkazadi.
O’z o‘limini sokin, itoat bilan, isyonsiz kutayotgan baxtsiz jonivorga qarab yuraklarim zirqirab ketdi. Qanchalar rahmsiz bo‘lib ketganmiz-a, deyman o‘zimga o‘zim. Dinga qarshi tinimsiz tashviqotlar o‘z ishini qilmayotganmikin? Dilimizdan imon ko‘tarilmayotganmikin? Nahotki, Xudoni unutayozdik? Yo‘qsa, bu shafqatsizlik bizga qaydan ilashadi?
Qamoq lagerlarida umrini o‘tkazayotgan mahbuslar uyini, bola-chaqalarini sog‘inib mushuk boqishardi. O’zlari to‘ymagan ovqatdan yulib mushuklarga berishardi. Lager siyosiy rahbari shu mushuklarni qopga solib, olov gurillab yonayotgan novvoyxona pechiga tashlaganini ko‘rganman. U alangada jizg‘anak bo‘lib yonayotgan mushuklarni zavq bilan tomosha qilgandi. Bu shafqatsiz odam ibodat qilayotgan nasroniylarni, namoz o‘qiyotgan musulmonlarni ayamasdan kaltaklardi. Bu xil shafqatsizliklar o‘sha-naqa imonsizlardan o‘tmaganmikan?
Shunday iztirobli xayollar bilan otdan uzoqlash-dim.
Goh emaklab, goh bukilib, vagonchalarga, elektr simlarga tegib ketishdan qo‘rqib, ming bir xavotir bilan shaxta yo‘llarini aylanib chiqdim. Tepamda kim bilsin, necha million tonnali yer qatlami. U tinimsiz qisirlaydi. Har biri uydek-uydek keladigan ko‘mir xarsanglarining darzidan qurum to‘kiladi. Vagonchalarning taraqa-turuq tovushlari, tepadan yomg‘irdek quyilayotgan suvlarning shovkini, suv tortayotgan nasoslarning tinimsiz guvillashi, parmalarniig pulemyot tovushiii eslatuvchi ovozi, ular ko‘chirgan ko‘mir xarsanglarining pastga qarsillab tushishidan xosil bo‘lgan momoqaldirokdek vahimali tovushi meni dovdiratib qo‘ydi, quloqlarim bitib, chiqish joyiga keldim. Hamroxim yuqoriga chiqib ketgan ekan. Liftchi chol ahvolimni ko‘rib, temir kursini men tomon surib qo‘ydi.
— Birpas dam oling. Ancha urinib qopsiz. Shaxtaga birinchi tushgan odam shunaqa esankirab qoladi.
O’tirdim. Ikki ko‘zim otda. Uning badani xarakatsiz edi. Yer betidagi otlar tanasiga qo‘ngan pashshalarni dumi bilan haydaydi. Dumi yetmagan joylariga qo‘nganlarini terisini dirillatib uchirib yuboradi. Bu joyda na pashsha, na chivin bor. U otning o‘zi emas, go‘yo xaykali edi.
Ot xam o‘ylarmikan, deyman o‘zimga o‘zim. Ko‘rgan kunlarini eslarmikin? Tolstoy xam, Aytmatov ham ot o‘ylash, eslash kobiliyatiga ega jonivor, degan. Shunday bo‘lsa, bu ot ham bolaligini eslay oladi. Shatalok otib yayragan yashil yaylovini, onasining to‘lib, tirsillab turgan yelinini boshi bilan turtib-turtib iydirganlarini, ilik, xo‘shbo‘y ona sutini miriqib emganlarini eslayotgandir. Chaqmoq chakib, momoqaldiroq gumburlab, yomg‘ir quyganda onasining issiq pinjiga suqilganlarini xayolidan o‘tkazayotgandir. Avji g‘unon bo‘lgan paytida raqiblarini dog‘da qoldirib, ko‘ngli xushlagan suluv biyani ergashtirib, uyur orasidan g‘olibona olib o‘tgan paytlarini naxotki eslamasa!
Ot xo‘rsinsa, ko‘zidan yosh oksa bir falokat yuz beradi, egasi o‘ladi, deyishadi. Xo‘rsingan otni albatta so‘yib yuborishadi.
1952 yili shu otning ko‘zidan mo‘lt-mo‘lt yosh oqqandi. Nim qorong‘i shaxtada buni hech kim sezmagandi.
O’sha yili olis Jezqozg‘on konida mis xarsanglarini ko‘chiradigan maxbuslar orasida bir maxbus, sobiq qahramon, otliq askar Ermat chavandoz olamdan o‘tdi. Mis to‘zonlari uning o‘pkasini chiritgan edi. Ermat chavandoz umrini vatan xoini degan «unvon» bilan yakunladi.
Ot o‘z chavandozining olamdan o‘tganini sezdimikin? Uning xo‘rsinishi, ko‘zida mo‘ltiragan yosh balki shundandir? U jonvorlik hissiyoti bilan fojiani olisdan turib sezgan bo‘lishi mumkin.
Bu ruxiy holat, bu erk sog‘inchi menga tanish.
Yigit yoshim bark urgan, uylanib, hayot nash’asini surayotgan, yonib ijod qilayotgan paytimda meni zindonga tashladilar. Yorug‘ tushmaydigan, tashqaridan tiq etgan tovush kelmaydigan yakka zimiston xonada (odinochkada) yotganimda xuddi shu otga o‘xshab ko‘rgan-kechirganlarimni eslab o‘tirardim. Qiziq, negadir faqat bahor paytlarini eslardim. O’rik gullagan, shabboda gaaftoli gullarini to‘zg‘itardi. Majnuntollarning uzun yashil sochlari yangi uyg‘ongan maysalarning boshlarini silardi. Jannatga bermagulik o‘zbek bog‘larida bahor bir necha haftalik mehmon edi.
Yigitlik ham ana shunday mehmon. Shu g‘animat, keyin hech qachon qaytib kelmas damlarni qorong‘u zindonda o‘tkazish naqadar ayanchli, naqadar armonli...
Shu topda, yer tagida ot o‘ylayapti, men o‘ylayapman.
Ot yagail yaylovlarni ko‘ryapti. Ona bag‘rida yayraganlarini eslayapti. Men birinchi kitobim chiqqan, quvonchim olamga sig‘mas baxtiyor damlarni ko‘z yumib xotiramda jonlantiryapman.
Beixtiyor otga karayman. U hamon boga ekkancha loqayd turardi.
— E, birodar, ne gunohing bor ediki, seni shu alpozga solishadi?
Ot tilga kirgandek bo‘ldi:
— Menda qanday gunoh bo‘lsin. Bir bezabon jonivorman. Odamlarning yukini yengil qildim, uzog‘ini yaqin qildim. O’zimni insonning do‘sti degandim... Hayronman. Olis yurtlarda janglarga kirdim. Odamlar menga o‘q uzdilar. Yaralanib, uzoq yurtlardan vatan deb bilgan manzilga yetib keldim. Mana, ko‘rib turibsan, o‘sha sog‘inib kelgan vatanda oftob ko‘rmay turibman...
— Bilaman, bilaman, jonivor. Xalqlar otasi xo‘lu quruqni barobar yondirgan edi. Sendan biron zurriyot qolmadimi? — deb so‘rayman undan. U bosh chayqaydi.
— Meni bunday baxtdan mosuvo qilganlar.
Ko‘ksimda bir dunyo g‘am bilan yer betiga chiqib ketdim.
Osmon ko‘m-ko‘k, ukpardek oppoq bulutlar beozor suzadi.
Ot pastda, quyoshsiz, oysiz, yulduzsiz makonda mung to‘la ko‘zlarini yumganicha qora taqdirini poyoniga yetkazish uchun zimistonda qoldi. O’ttiz yetti yildirki, uni eslayman. Ba’zan u tushlarimga kiradi. Biron yerda ot ko‘rsam shu g‘arib, baxti chopmagan jonivor esimga keladi. Shunday paytlarda doxiy «padari buzrukvorimizga» qarata: «Zulmingni, jabringni tortmagan kim qoldi? Odamlarga qilgan zulming kammidi, jonivorlarni ham baxti qora qilding-ku!» degan bir nido ich-ichimdan otilib chiqadi.
O’tgan yili vodiyga mashinada ketayotganimda yomg‘ir quyib yubordi. Olmalik yo‘lidan Ohangaron tomon burilishda hassaga tayangan bir keksa odam yomg‘irda ivib, o‘tgan-ketgan mashinalarga qo‘l ko‘tarib, olib ketishlaridan umid qilib turardi. Uning yonginasiga kelib, mashinani to‘xtatdim. U eshikni ochib, Angrengacha olib ketishimni so‘radi. Olib ketdim. U menga ikki-uch marta qarab olgach:
— Sizni taniyman, birodar, — dedi. — Esingizda bormi, o‘ttiz yetti yil oldin sizni shaxtaga olib tushgandim.
Tasodifni qarang, shuncha yildan beri xayolimni band qilgan odamni topdim. Undan shoshib so‘radim. «Esingizdami, hu, shaxtadagi ot? U nima bo‘ldi?» dedim. U ichki bir iztirob bilan, past ovozda: «O’ldi», dedi.
— Siz kelib ketganingizdan biron yil o‘tib, jonivor qazo qildi. Jasadini Jigaristondagi frontchi do‘stlari dafn qilingan joyga ko‘mdik. Juda bahavo joy. Baland adir poyida. Kon veteranlari maslahatlashib, shu otlarga yodgorlik o‘rnatmoqchi bo‘ldik. Biroq o‘zingiz bilasiz, Jigariston voqeasini butun dunyo bilib ketdi. Bemahal kelgan yomg‘ir selga aylanib ko‘priklarni buzdi. Daraxtlarni qo‘pordi. Adirning tagi nam tortib, surila boshladi. Oxiri o‘pirilib, odamlarning uylarini bosdi. Eh-he, qancha odam tuproq tagida qoldi. O’shanda otlarning mozori ham tuproq tagida qolib ketdi.
Bu gapdan ingrab yubordim.
Takdirni qarang, 6u baxti qora otning o‘n yetti yil yer tagida yashagani, yer tagida jon bergani kamlik qilgandek, qabri ham yer tagida qolib ketibdi. O’zi aytgandek, «vatanini topibdi».
Hamrohimni Angrenda qoldirib, tog‘ tomon ketdim. Yomg‘ir tingan, lekin tog‘ boshida bulutlar g‘ujg‘on o‘ynardi.
Dovonga ko‘tarilaman. Yonbag‘irlarda uyur-uyur yilqilar o‘tlab yurishibdi. Ular orasida men bilgan otning zurriyoti yo‘q. U dunyodan nom-nishonsiz ketgan...
«Ot kishnagan oqshom» qissasining so‘nggi satrlarini yoddan o‘qiyman: «Ayo Tarlon, sen mening akamsan. Uka desa degulik mendayin ukang bor... Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik...»
Bu so‘zlar insonning eng yaqin do‘sti, vafoli jo‘rasi — ot sha’niga aytilgan madhu taronadir.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:
Flag Counter