Воскресенье, 05.05.2024, 20:09
Hush kelibsiz Mehmon | RSS

O'tkir Hoshimov "Daftar Hoshiyasidagi bitiklar" - Giyos/FORUM

[ Yangi izohlar · Qatnashchilar · Forum qoidasi · Izlash · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
Giyos/FORUM » ERKIN MAVZU » MUTOLAA (Mashxur va qiziqarlilari) » O'tkir Hoshimov "Daftar Hoshiyasidagi bitiklar" (Nomalar)
O'tkir Hoshimov "Daftar Hoshiyasidagi bitiklar"
GiyosДата: Суббота, 12.01.2013, 17:48 | Сообщение # 1
Полковник
Группа: Administrator
Сообщений: 2492
Репутация: 45
Статус: Offline
Aziz o’quvchim! Bu kitobchani qariyb qirq yil yozdim. Buiar mening Kuzatuviarim. o’ylarim... bir qadar armonli, bir qadar istehzoli, bir qadar tabassumli. Xulosalarim... aslida, ularning har birini alohida asar qilsa ham bo'lardi-ku... mayli... Men bularni uzoq o'ylab yozganman. Iltimos, Siz ham kitobni shoshilmasdan, o'ylab o'qisangiz... O'tkir Hoshimov
DAFTAR HOSHIYASIDAGI BITIKLAR
O'YLAR
Tabiat. Jamiyat. Inson. "Tabiat gultoji"
Kiyik och qolmaslik uchun ko'kat yeydi. Amma bir-birini o'ldirmaydi. Sher och qolmaslik uchun kiyikni yeydi. Ammo bir-birini o'ldirmaydi. Odam ko'katni ham yeydi. Kiyikni ham yeydi. Ko'ngil hushi uchun sherni ham o'ldiradi... Keyin.. urush qilib, bir-birining boshini yeydi...
Darvinga e'tiroz
Darvin ta'limoti noto'g'ri. Odam maymundan emas, maymun odamdan tarqagan. Oyog'i yerdan uzilmaganlar odam bo'lib qolgan. Oyog'I yerdan uzilganlar esa maymun bo'lib daraxtga chiqib ketgan... Bu jarayon hamon davom etmoqda...
Eng aqlli jonivor
Dunyoda eng aqlli jonivor-baliq! Birinchidan, soqov. Ikkinchidan, muttasil dumini likillatadi!
Haqiqat
Shu qadar shirinki, totib ko'rging keladi. Shu qadar achchiqki, tilingni kuydiradi! Qaldirg'och
E'tibor berganmisiz: qaldirg'ochlar fayzsiz, noahil xonadonga hech qachon in qurmaydi. Goho qaldirg'och odamdan aqlliroqmikin, deb o'ylab qolaman.
Atlantika okeani ustida
Tepada bir ummon, pastda bir ummon, 
Ikki dengiz aro kechar lahzalar. Xayolga tolaman: men o'zi kimman? Ojiz va notavon zarra... alhazar!
Oshkoralik
Oshkoralik shunday daraxtki, uning mevasini eng avval chinqiroq maymunlar yeydi. Xavfli odam
Yaxshigayam, yomongayam birdek yaxshi ko'rinishga urinadigan odam eng xavfli odamdir!
Inson va shayton
Ba'zilarga hayron qolasiz. Qilg'ilikni qilib qo'yadi-da, "bilmay qoldim, shayton yo'ldanurdi", deydi... To'g'ri, odamzot qonida shayton vasvasasi aylanib yurishi-bor gap. Ammo.. Shunaqangi erkaklar borki, qirqta urg'ochi shaytonni bolalatib tashlaydi. Shunaqangi ayollar borki, qirqta erkak shaytonni aliment to'laydigan qilib qo'yadi... Hamma aybni shayton sho'rlikka to'nkayvermang!
Ayol qalbi
Ayol qalbi teskari magnitga o'xshaydi: yaqinlashsang-uzoqlashadi, uzoqlashsang- yaqinlashadi.
Hushyor bo'ling
Ayol sizni juda qattiq sevsa, hushyor bo'ling. Otashin muhabbat-rashkka, rashk- shubhaga, shubha-xudbinlikka, xudbinlik-dushmanlikka aylanishi mumkin.
Go'dak isi
Ayol go'dak isini birinchi farzandi tug'ilganidayoq his etadi. Erkak esa go'dak isi nimaligini nevarali bo'lganidan keyin anglaydi!... Biz-erkaklar doim kechikib yuramiz...
Otalar va bolalar
U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To'rt qiz, uch o'g'ilni oyoqqa turg'azdi. O'g'illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi. Ko'z yumayotganida "hammalaringdan mingdan-ming roziman", dedi... Qarashsa, kafanligi yo'q ekan...
Gumroh bandalar
Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki og'iz shirin so'zni tekinga aytmaydi-da, ular o'lganidan keyin ming-ming pul sarflab, o'sha so'zlarni qabrtoshga yozdirib qo'yadi...
Kulgi va yig'i
Kulishni bilmaydigan odam-baxtsiz odam. Yig'lashni bilmaydigan odam esa ikki hissa baxtsiz!
Asl aynimas
Sopol tovog'ing sinsa, dod sol: kesakka aylanadi. Tilla idishing sinsa, parvo qilma: bahosi tushmaydi!
Yuk ko'targan...
"Yuk ko'targan odam yuzaga chiqadi", deydilar... Chiqadi. Albatta chiqadi! Faqat yuk ko'targanni ko'tarib yuboradigan Qo'l bo'lsa bas!
Baxtli va baxtsiz
Baxtli odam xudbin bo'ladi: baxtsizlarga achinmaydi. Baxtsiz odam ham xudbin bo'ladi: baxtlilarga g'ayirligi keladi.
Da'vo
Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha ko'p da'vo qilsa, shuncha nodon bo'ladi!
"Bilimdon"
" Ayol qavmini ipidan ignasigacha bilaman", deysizmi? O-o-o, siz daho ekansiz! Aytingchi, sharqdan sekundiga besh-yetti metr tezlikda esayotgan shamol o'n daqiqadan keyin shimolga buriladimi, janubgami? Yarim soatdan keyin izg'iringa aylanadimi, bo'rongami?...
Xudoning qudrati
Tabiat shunaqangi qudratliki, hohlasa, gulshanning qoq o'rtasida sassiq alaf o'stiradi. Hohlasa, botqoqning qoq o'rtasida nilufarni gullatib qo'yadi...
Laylak
Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g'or edi, bola go'dak edi... Kunlarning birida ona- bola qishloqqa -uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo'lishdi. Ona qaddini g'oz tutib, tez- tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni ko'rib angrayibqoldi: chinorning tarvaqaylab o'sgan shoxida supradek kattakon uya qorayib ko'rinar, uyada esa oyog'i, tumshug'i uzun bir qush turar edi. Bola mo'jiza ko'rgandek taqqa to'xtab qoldi.
- Anavi nima, oyi?- dedi o'sha tomondan ko'z uzmay.
-Laylak, o'g'lim, laylak!- ona o'g'lining boshini silab qo'ydi. - Yura qol, jonim. Bola hech qachon bunaqa qushni ko'rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to'xtab qoldi.
-Nima u, oyi? -dedi tag'in chinor uchiga ko'z tikib. -Laylak, o'g'lim, laylak.
- Nimaga bir oyoqda turibdi? Ona kuldi:
- Bir oyog'i charchagandir-da. Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko'rmagan edi. Qush negadir bo'ynini cho'zib tumshug'ini osmonga qaratib silkitar, shunda "tarak-tarak" degan ovoz eshitilardi. Bola tag'in to'xtab qoldi.
- Nima o'zi u, oyi?
Uning ko'zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.
-Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, o'g'lining yuzidan o'pdi. - senga salom beryapti-da.
Ona yosh edi. Ona navjuvon edi.
... Oradan o'ttiz besh yil o'tdi. Bola yigit bo'ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog'idan mador,
ko'zidan nur ketdi.
Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o'sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g'oz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og'ir-og'ir ko'tarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o'sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib ko'rinar, uyada esa oyog'I, tumshug'i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo'ydi- yu qadamini tezlatdi.
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko'zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko'ziga g'alati ko'rindi.
- Anavi nima, o'g'lim? - dedi to'xtab. -Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to'rt qadam yurib yana to'xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko'rinyapti. Qiziq...
-Nima, o'g'lim? - dedi ko'zlarini pirpiratib. O'gil taqqa to'xtadi. G'ashi keldi. O'zi shoshib turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo'lib qolarkan-da! -Laylak! -dedi jerkib. -Laylak deyapman-ku, karmisiz!
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko'p. hali shaharga qaytishi kerak... Uning yumushi ko'p. hali shaharga qaytishi kerak... Uning g'or, go'dak bolalari bor...
Tarix "xatosi"
To'qqizinchi asr. Muhammad al- Xorazmiy algebra faniga asos soldi.
O'ninchi asr. Abu Nasr Forobiy Aristotelning "Metafizika" asariga ehg mukammal sharh
yozib, "ikkinchi ustoz" unvonini oldi.
On birinchi asr. Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy o'rtasidagi masofani o'lchadi. Ibn Sino medetsina Qomusi- "Tib qonunlari" ni yaratdi.
O'n to'rtinchi asr. Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli ilm boshini silab, o'lmas obidalar yaratdi.
O'n beshinchi asr. Ulug'bek 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy
o'lmas "Xamsa" sini yozdi.
O'n oltinchi asr. "Boburnoma" olamga tarqaldi.
O'n yettinchi asr. Shoh- Jahon dunyodagi yeti mo'jizaning biri- "Tojmahal" ni bunyod etdi.
Yigirmanchi asr. O'zbek-sovet olimlari misli ko'rilmagan "ixtiro" qildilar: tarix "xato" sini tuzatib, o'tmishda biz yoppasiga "savodsiz" bo'lganimizni isbotlab berdilar.
Umr
Tanishdilar. Sevishdilar... Turmush qurdilar. Farzand ko'rdilar.
To'ng'ichi nimjonroq edi. Kasal bo'lib, ko'p kuydirdi. O'rtanchasi o'yinqaroq edi. Qamalib chiqdi... Kenjasi qiz edi. Erkaroq o'sdi. Turmushi buzildi.
Bir kuni erkak kechasi uyg'onib ketdi. Uzoq o'y o'ylab yotdi. Qarasa, ayoli ham uyg'oq ekan.
- Onasi,- dedi. - - Dunyoga kelib nima ko'rdik o'zi?
- Bilmasam, - dedi ayoli xo'rsinib...
..Bobotoqqa borganimda qurib qolgan ikkita daraxtniko'rgandim. Ikkalasi bir-biriga suyani-i-ib turardi...
Kuchsizniki-kuchli
Kuchli odamning g'azabidan qo'rqmang. Ojiznikidan qo'rqing! Kuchli to'ksa, o'z g'azabini to'kadi. Ojiz esa o'z g'azabi bilanbirga o'zgalardan ko'rgan sitamini ham qo'shib sochadi...
Tarnov
Erta bahor edi. Hordiq kuni edi. Kech turdim. Hovliga tushsam, havoning avzoyi buzuq. Yuvunib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir tomonga qiyshayib yotibdi. Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib qolgan shekilli... Qatiqroq shamol bo'lsa, tushib ketadigan...
Yo'lakda yotgan narvonni ko'tarib kelib tomga tiraguncha tinkam quridi, zax tortib, zildek bo'p ketibdi.
Narvon zinasiga oyoq qo'yishim bilan ayvondan onam tushib keldi.
- Nima qilmoqchisan?- dedi ko'zimga termulib.
- Hozir,- dedim beparvo qo'l siltab.- Tarnov qiyshayib qopti.
- Shoshma, bolam, avval choyingni ichib ol...
- Hozir tushaman.
Shunday dedim-u narvonga tirmashdim. Tomga chiqishim bilan pastdan onamning xavotirli xitobi eshitildi:
- Ehtiyot bo'l, tom labiga borma!
- Uyga kirsangiz-chi! - dedim og'rinib.
Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov oldiga keldim. Uvallo urinaman, tarnov la'nati o'nglansa qani! Zanglab ketganmi, bo'yo'g'i yopishib qolganmi... Aksiga olib, yomg'ir shivilay boshladi. Avvaliga tomchilab turdi-da, keyin shiddat bilan yog'ib ketdi. Tom labida o'tirgancha, tarnovini qo'shqo'llab surishga urindim. Qilt etmaydi!
Pastdan yana onamning ovozi keldi:
- Menga qara, bolam. Narvon oldiga qaytib keldim.
- Nima deysiz?
- Jon bolam, mana buni kiyib olgin...
Qarasam, onam bir qo'li bilan narvonni changallagancha, ikkinchi qo'lidato'n ushlab turibdi. Yupqa ro'moli, nimchasi ho'l bo'lib ketgan... Xunobim oshdi.
- Hozir tushaman, dedim-ku! Men yosh bolamanmi?
- Shamollab qolasan!
- Obbo! Siz uyga kiravering! Hozir tushaman.
Shunday deb, tag'in tarnov oldiga qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim. Bir mahal pastdan yana ovoz keldi:
- Ada! Adajon!
- Ha! - dedim battar xunob bo'lib.
- Varragim yirtildi!
Qarasam, yetti yashar o'glim hovli o'rtasida turibdi. Oyog'i ostida yirtilib, qamishlari qovurg'adek turtib chiqqan varrak loyga qo'rishib yotibdi. O'zi ko'ylakchan. Boshyalang. Yomg'ir ostida diydirab turibdi.
-uyga kir, Farruh!- dedim baqirib.- Uyga kir, shamollab qolasan!
Quloq solsa qani! Goh varragiga, goh menga qaraydi. Kapalagim uchib ketdi! Tomda sirg'alibsirg'alib, narvon tomon yugurdim.
Uch-to'rt pillapoya tushib qarasam, onam hamon narvon oyog'ini changallab turibdi. Ro'moli jiqqa ho'l bo'lib, sochlariga yopishib qolgan... Bir qo'li Narvon oyog'ida. Bir qo'lida to'n.
Inson
Inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini o'lchash- dunyodagi eng baland tog'ning eng baland cho'qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu qadar tubanki, uning illatlarini o'lchash- dunyodagieng baland tog'ning eng baland cho'qqisidan emaklab tushish zahmati bilan teng.
"Otchopar" da
"Otchopar" bozorida eski do'stimni uchratib qoldim. Matematik... Olim... Sigaret sotib o'tirgan ekan... Meni ko'rib ko'zini yashirdi. Men ham burilib ketdim... Ikkalamiz bir- birimizdan nega uyalganimizni bilmayman. Negadir.. yig'lagim keldi.
Farishtalar
Xonadoningizda keksa odam bormi? Baxtli ekansiz! Dunyo tashvishlaridan to'yib ketsangiz shularni ziyorat qiling: hayot abadiy emasligini o'ylab, taskin topasiz. Xonadoningizda go'dak bormi? Siz ham baxtli ekansiz... dunyo tashvishlaridanto'yib ketsangiz, go'dakni bag'ringizga bosing: hayot abadiy ekanini o'ylab, taskin topasiz...
Eng oliy tuyg'u
Eng toza tuyg'u nima?
Birinchi maoshingizni keltirib berib, otangizning duosini olganingizmi?
Birinchi marta sovg'a keltirib berganingizda onangizning ko'zida qalqigan yoshmi?
Birinchi bo'sami?
To'y kechasidagi hayajonlarmi?
Nogahon ko'z yumgan onangizning qabrini silab yig'laganingizmi? To'ng'ich farzandingizni ilk bor maktabga yetaklab borganingizmi? Hammasi... hammasi pokiza tuyg'ular... Ammo.
Bola emizib o'tirgan ayolga zimdan razm soling... go'dagiga termulib bola emizayotgan onaning ko'zlariga sinchikla-a-a-b tikiling... Eng oily tuyg'u nimaligini shunda ko'rasiz!
Rost va yolg'on
Haqiqatdan qo'rqqan odam yolg'onning panasiga berkinadi. Xom sut emgan banda
Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog'lik. Tinchlik. Gunohi - azim
Do'stni ho'rlash-gunoh. Umr yo'ldoshini ho'rlash- yuz hissa gunoh. Ota-onani ho'rlash- ming hissa gunoh. Go'dakni ho'rlash- cheksiz gunoh.
Qismat
Inson hayoti shatranj taxtasidagi piyodaning yurishiga o'xshaydi. Goh oq katakdan o'tadi, goh qora katakdan... farqi shuki, birovning qismatida oq kataklar ko'proq bo'ladi, birovnikida- qora kataklar.
Oftob
Yaxshiyamki Xudo oftobni bag'rikeng qilib yaratgan. Bo'lmasa yer yuzidagi odamlarning illatlarini har kuni ko'raverib, allaqachon so'nib qolgan bo'larmidi.
Orol va qit'a
Insoniyat orol emas, qit'a bo'lib yashashni o'rgansa, ko'p balolarning oldi olingan bo'lardi.
Baho
Odam bolasi elektr simi emaski, birini musbat, birini manfiy desang... Hayot falsafasi
Munkillab qolgan ammam bo'lardi. O'ta xudojo'y kampir edi. Bolaligimda oldiga o'tkazib qo'yib, bir gapni ko'p aytardi.
- U quloq, bu qulog'ing bilan ham eshitib ol, bolam. Odamning u yelkasida ham, bu yelkasida ham bittadan farishta o'tiradi. O'ng yelkangdagi farishta umr bo'yi qilgan savob ishlaringni, chap yelkangdagisi gunohlaringni hisoblab boradi. U dunyoga borganingda hisob-kitob qilib ko'rishadi. Savobing ortiq bo'lsa, jannatga, gunohing ortiq bo'lsa, do'zaxga tushasan...
Savodsiz kampirning sodda falsafasida qanchalik chuqur ma'no borligini endi tushunyapman.
Mo'tabar zot
Ayol kishiga avvalo Ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi. Tosh va qum
Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do'stlik ham shunga o'xshaydi.
Bosh aybdor
Turmush sinovlariga biz-kattalar dosh berolmasak, bolada nima gunoh? Nega bizning aybimiz uchun go'daklar yetim qolib, aziyat chekishi kerak?
Donishmand
Nar lochin yemish topib kelarkan. Moda lochin o'ljani polaponlariga bo'lashib berarkan. Biron falokat bo'lib, moda lochin o'lib qolsa, nar lochin har qancha yemish topib keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud bo'lar ekan. Negaki, nar lochin o'ljani bolalariga burdalab berishni eplolmas ekan... Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono!
To'la va chala
Yarim haqiqat chin bilan yolg'onning o'rtasida turadi, degan odam yanglishadi. Yarim haqiqat hamisha chindan ko'ra yolg'onga yaqinroq turadi.
Zulm
Odamlarni qo'rqib yashashga majbur qiladigan jamiyat- eng omonat jamiyatdir.
Munofiq
Onasini behurmat qilgan odam qo'shni kampirni yaxshi ko'raman desa, ishonmayman. O'z xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilmagan odamboshqa xalqlarningtilini,madaniyatini, tarixini hurmat qilaman, desa ishonmayman.
"O'zbek ishi"
Osmon baravar plan berdilar.
-Bajarasan!-dedilar.
-Bajarolmayman,-dedi.
-Bajarasan!!- dedilar.
- Bajarmayman!!-dedi.
-Qamalasan!!!-dedilar.
Bajardi. Bola-chaqasi ko'p edi.
Orden berdilar... Planni oshirib bajargani uchun...
Keyin... qamadilar. Qo'shib yozgani uchun. Bola-chaqasi ko'p edi...
Nigilist
Millatchilik juda xavfli illat. Milliy nigilizm esa undan ham xatarli. Millatchi qo'shnisini yomon ko'radi. Milliy nigilist esa o'zini ham yomon ko'radi!
Ona tili
Qancha ko'p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona tilida tush ko'radi, ona tilida yig'laydi... o'lim oldida onasini ona tilida yo'qlaydi...
O'jar
Haqiqatni mayib qilish mumkin, ammo o'ldirib bo'lmaydi! Ozchilik va ko'pchilik
" Ozchilik ko'pchilikka bo'sunadi!" yoqimli shior! Ommabop shior! Faqat... xudo haqqi, bir narsani hech tushunolmayman: dunyoda donolardan ko'ra nodonlar, iste'dodlilardan ko'ra iqtidorsizlar hamisha ko'proq bo'lgan. Demak... Uzr. uyog'iga aqlim yetmay qoldi...
Afsona
Qadimiy turkiy afsona bor. Emishki, Olloh Arshi a'lodan Yerga tushibdi. Qarasa, kimsasiz orolda bir tola tuk yotgan emish. "Mayli,-debdi karami keng Xudo.-Shunga ham jon ato eta qolay". O'sha zahoti jonsiz tuk odam qiyofasiga kiribdi. Odam bunday qarasa, Ollohning qudrati beqiyos emish: xohlasa jonlini bejon qiladi, xohlasa bejonga jon ato etadi. Odam o'ylab qopti. Nega Xudo xohlagan ishini qilishga qodir-u, men qilolmayman? Nimam kam undan?!
... Shunday qilib, Odamning ko'nglida hasad degan qora niyat paydo bo'libdi. Ollohning qahri kelib, farmon qilibdi:
" Odamzot mengaki hasad qildimi, bir-biriga omonlik bermaydi. Hasadgo'y do'zaxga kunda bo'lsin!"
O'sha-o'sha do'zax lang'illab yonarmish.
Nisbiylik
Olam shu qadar kengki, xayolan ham qamrab ololmaysan. Olam shu qadar torki, olgan nafasing aks-sado beradi...
"Yaxshiga kun yo'q.."
Xalqimiz: "Yaxshiga kun yo'q, yomonga o'lim", deydi. Haq gap! Yomonlar yaxshilarni o'ldirib, ularning umrini ham o'zinikiga qo'shib oladi. Shuning uchun uzoq yashaydi.
To'rt toifa
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan do'st-shunchaki do'st. Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida g'oyib bo'ladigan do'st-do'st emas.
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida xiyonat qiladigan "do'st"- dushman.
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan quvmaydigan, boshingga bulut kelganida izingdan qolmaydigan do'st-haqiqiy do'st.
Oliy jazo
Afrika qabilalaridan birida jinoyat qilgan odamni sazoyi qilish, qamab qo'yish, qatl etish degan gaplar yo'q ekan. Tanho o'zini qabiladan haydab yuborisharkan, xolos...
Tush
Boshimga tashvish tushsa, bir narsadan qattiq siqilsam, onam tushimga kiradi. Quvonchli damlarda esa, xohlasam ham na onamni, na otamni tushimda ko'rolaman... Qiziq...
Halol va harom
Ba'zilar "halol va harom" deganda " yeb-ichish mumkin bo'lgan va yeb-ichish mumkin bo'lmagan" narsani anglaydilar... yuzaki tushuncha! Aslida bu- "qilish mumkin bo'lgan va qilish mumkin bo'lmagan" amallar degani hamdir...
Bilasiz: non eng tabarruk ne'mat. Biroq nopok yo'l bilan topilgan non ham harom! "Noningni halollab ye", degan gap bejiz aytilmagan.
Odat
Ishdan nega kech kelganingizni surishtirsa, hayron bo'lmang.
Bo'yinbog'ingizni yechishga ko'maklashish bahonasida yoqangizni hidlab ko'rsa, hayron bo'lmang.
Majlisda nima masala ko'rilganini so'rasa, hayron bo'lmang.
Majlisda necha kishi qatnashganligini so'rasa, hayron bo'lmang.
Kimning yonida o'tirganingizni so'rasa, hayron bo'lmang.
Telefoningizning rangi qanaqaligini so'rasa, hayron bo'lmang.
Necha kishi qo'ng'iroq qilganini so'rasa, hayron bo'lmang.
Qayerda tushlik qilganingizni so'rasa, hayron bo'lmang.
Bufet nechanchi qavatdaligini so'rasa, hayron bo'lmang.
Nima ovqat yeganingizni so'rasa, hayron bo'lmang.
Bufetchining yoshi nechadaligini so'rasa, hayron bo'lmang.
Sizga choyni qaysi qo'li bilan uzatganini so'rasa, hayron bo'lmang!
Boringki, oftob qaysi tomondan chiqqanini so'rasayam hayron bo'lmang.
Qiziquvchanlik-ayolning tabiiy odati!
Kuch va adolat
Adolat Kuchga bo'sungan yurt-vayron yurt. Kuch adolatga bo'ysungan yurt-bo'ston yurt.
Yaxshilik va yomonlik
O'z fursatida qilinmagan yaxshilik- yomonlikka yo'l ochishi mumkin. Ketmas boylik
Menda bir so'm bor. Sizda ham bir so'm bor...
Men sizga o'zimning pulimni berdim.
Siz ham menga o'zingizning pulingizni berdingiz...
Hech nima o'zgarmadi. Sizda ham bir so'm pul qoldi, menda ham...
... Menda yangi bir fikr bor. Sizda ham yangi fikr bor...
Men sizga yangi fikrimni aytdim. Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz...
Sizda ham ikkita fikr paydo bo'ldi, menda ham...
Esli odam pul almashmaydi. Fikr almashadi.
Sevgi
Avvaliga bir-birlarini tanimas edilar. Ularni sevgi degan g'aroyib kuch topishtirdi. Ular ana shu kuch sehriga maftun bo'lib qoldilar.
Ajab, Sevgi hech qachon yolg'iz yurmas ekan. Unga Hijron degan alanga ergashib keldi. Ular ana shu alanga otashida baravar kuya boshladilar.
Nihoyat, Hijron alangasi so'ndi-yu, sevgi Visol degan entiktiruvchi tyyg'uni yetaklab keldi. Endi ular baxtiyor edilar.
Ajab, Sevgi hech qachon yolg'iz yurmas ekan. Endi I Sinov degan to'siqni yetaklab keldi. Agar ular Sevgining qo'lidan mahkam tutishganida bu to'siqdan o'tishlari mushkul emasdi. Ammo bunday bo'lmadi. Ular sinov oldida chekindilar. O'rtada Shubha, Rashk degan sharpalar o'rmalab qoldi. Shunda ular o'zlarini topishtirgan Sevgiga ilk bor ta'na toshi otdilar.
Sevgi shunda ham ularni kechirdi. Sabot, Mehr degan kuchlarga oshno qilishga urindi. Ammo ular Sabotni ham, Mehrni ham unutdilar. O'zlarini topishtirgan Sevgi degan "yovuz kuch" ga la'nat aytdilar!
Shunda... Ularning qismatiga Xiyonat kirib keldi! Ular Sevgini ayblay-ayblay, oxiri... ajrashdilar...
Qismat chorahasida esa uchta begunoh go'dak chirqillab qoldi. Besh yashar o'g'il, uch yashar qizaloq va... yetim qolgan Sevgi...
Burch
Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas qilib, polaponlariga yemish tashiydi.
Mushuk
O'zi itdan qochib, daraxtga chiqib oladi-da, tag'in qushlarga dag'dag'a qiladi... qo'rqoq shallaqi bo'ladi!
Olim va shoir
Hech nimaga hayron qolmaydigan odamdan olim chiqadi. Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi!
Bozor iqtisodi
Kecha kolxozda ketmon chopib, biri ikki bo'lmagan dehqon bugun yer olib, bola-chaqasi bilan gullatib qo'ysa-yu, qaddini kerib yursa, quvonaman. Omadini bersin! Bu - bozor iqtisodi!
Kecha zavoddan olgan maoshini qay biriga yetkazishini bilmay rangi sarg'ayib yurgan injener bugun qo'shma korxona ochsa-yu, nest-nobud bo'lib yotgan mevalardan sharbat olib boyib ketsa, yana quvonaman. Qandini ursine! Bu-bozor iqtisodi!
Kecha katalakdek xonaga tiqilib, "eskilik sarqiti" -beshik va sandiq yasagani uchun nalugchidan baloga qolib yurgan hunarmand bugun kattakon sex ochsa-yu, rohatini ko'rsa, tag'in bir bor quvonaman. Baraka topsin! Bu bozor iqtisodi!
Kecha alifni kaltak deyolmay o'qituvchisidan dakki eshitgan va oxir-oqibat "xudosizlar jamiyati"da qo'nim topgan notavon bola bugun "biznesmen"bo'lsa-yu, xususiy samolyot sotib olsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi.
Kecha buyuk ixtirolar qilgan olimning iste'dodli shogirdi bugun ilmini tashlab, tadbirkorga aylansa-yu, papkasiga "delavoy shartnoma" solib, zipillab yursa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!
Kecha yurak qoni bilan doston yozgan shoir bugun o'sha dostoniga qalam haqi olsa-yu, puli mashinka haqiga yetmasa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi! Kecha unvon olish uchun yugura-yugura betob bo'lib qolgan chalasavod "hofiz" bugun "otarma-otar" yursa-yu, "Yaguar" mashinasida kataysa qilsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!
Kecha bitta rostga bitta yolg'on qo'shmasakuni o'tmagan eshak bozorining daloli bugun "zamonaviy broker"ga aylansa-yu, uch qavatli "dacha" solsa, hayron qolmayman.bu ham bozor iqtisodi!
Ammo kecha alifni kaltak deyolmagan ateist bugun ming kishini to'plab "amri-ma'ruf" qilsa-yu, unga dashnom bergan o'qituvchisi choy tashib yursa, hayratlanmay iloj yo'q! O'sha o'qituvchi ertasiga maktabni tashlasa-yu, "Ippadrom"ga chiqib sigaret sotsa, hayratlanmay ilojim yo'q!
Kecha buyuk ixtirolar qilgan olim, bugun eng yaxshi shogirdidan ayrilgani uchun ma'yuslanib bekatda tursa-yu, "kontrakt" bilan o'qishga kirgan birinchi kurs talabasi "inomarka"sida unga loy sachratib o'tsa, hayratlanmay ilojim yo'q. Olim shu ahvolda tramvayga chiqishdan iymanib, uyiga piyoda ketsa, hayratlanmay ilojim yo'q!
Kecha eshak bozorida dalllollik qilgan "zamonaviy broker" bugun uch qavatli dachasini "yuvsa-yu", chalasavod "hofiz" bir soat "hangragani" uchun boshidan dasta-dasta "ko'ki" dan sochsalar.
Davraning bir burchida o'tirgan shoir yurak qoni bilan yozgan g'azallari tuproqqa qorishganidan ko'ngli o'ksib izdihomdan bosh egib chiqib ketsa, hayratlanmay ilojim yo'q!
O'sha davraning yana bir burchida xuddi shu "hofiz"ni bir tiyin ta'masiz davolagan do'xtir ham o'tirgan bo'lsa-yu, "otarchi" unga ko'zi tushib "iya, sizam shu yerdamisiz, doxtir?" deb piching qilsa...
Do'xtir esa, "ertadan boshlab o'likdan kafanlik tilaganim bo'lsin!" deb qasam ichsa... Hayratlanmay ilojim yo'q!
Bunaqa bozorga o't tushib, alangasi osmonga chiqsin!!
Paxtakor
Ko'ngli- paxtasidek oppoq. Fe'li-paxtasidek yumshoq. Mehri- paxtasidek qaynoq... faqat bitta aybi bor: "paxta qo'yish"ni bilmaydi.
Kapalak va toshbaqa
Toshbaqa guldan-gulga qo'nib yurgan kapalakni ko'rib g'ashi keldi.
"Bir kunlik umriga uchishini qara!"
Kapalak toshbaqani ko'rib kuldi.
"Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!"
Ko'ngil
Odam hamma narsaga to'yishi mumkin. Boylikka... Amalga ham. Shon-shuhratga. Xudoning o'zi kechirsin-ku, hatto. hayotga ham. Qarib-churiganida "omonatingni ola qol, yaratgan Egam", deydiganlar, chin dildan gapiradi...
Odam hamma narsaga to'yishi mumkin. Faqat bir narsaga-Mehrga to'ymaydi. Bu masalada shohu-gado barobar.
Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yo'q.. bir og'iz shirin So'z, bir chimdim Mehr kimni o'ldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...
Sharq fojiasi
Sharq ayoli bir qadar zabun bo'lgan. G'arb ayoli bir qadar erkin bo'lgan.
Sharq podshosining harami bo'lgan. Haramda rasman tan olingan kanizaklar bo'lgan. Xohlasa o'nta, xohlasa qirqta...
G'arb qirolining harami bo'lmagan. Ammo uning rasman tan olingan jazmanlari- favoritkalar bo'lgan. Xohlasa o'nta, xohlasa qirqta. Sharqda to'rt nikohga ruxsat berilgan. G'arbda bitta nikoh tan olingan.
Sharqda to'rt xotinning har biri o'z bolasini taxtga da'vogar qilib tarbiyalagan. G'arbda o'nlab favoritkalarning birontasi bolasini taxtga da'vogar deyishga haqqi bo'lmagan.
Sharqda ne-ne saltanatlar o'gay aka-ukalar o'rtasida xomtalash bo'lib, parchalanib ketgan.
Ga'rbda bu muammo bo'lmagan...
Xulosa: G'arb qiroli bir qadar dono, ayollar esa bir qadar erkin va... anchayin soda bo'lgan. Sharq podshosi bir qadar soda, ayollar esa bir qadar zabun va ... anchayin makkor bo'lgan!
Sharqning eng katta fojiasi-rasman qonunlashtirib qo'yilgan ko'p xotinlilik! Qoida
Baliq boshidan sasiydi. Ammo uni dumidan tozalaydilar. Charxpalak
Maktabimiz biqinida ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanafufusda charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko'rardim... yog'och gardishi ko'hna, temir paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga ko'kimtir suv o'tlari yopishgan... birov yolg'ondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek... charxpalak nolali g'iyqillab aylanadi. Kaftida suv ko'tarib, yuqoriga olib chiqadi... tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi... charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan-yangi suv tomchilarini
yuqoriga ko'tarib beraveradi... ng'iyqillaydi.
Oradan ko'p yillar o'tib, o'sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo'ldi. Nega shunday bo'lganini uzoq o'yladim.
So'ng. bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo'msar ekanman. Suv-suv emas, men ekanman! Charxpalak- charxpalak emas, o'qituvchilarim ekan! Meni-bir tomchi suvni katta hayot yo'liga olib chiqib qo'ygan ustozlarim-charxpalak zahmatini oqlay oldimmikan?... Bilmadim. ...Ko'hna charxpalak hamon tushlarimga kiradi...
Bozor va mozor
Bozorda hayot qaynaydi... mozor esa marhumlar makoni... Bozorda shoh-shoh, gado-gado. Mozorda esa shoh-u gado barobar... Bozorda kun-u tun shovqin tinmaydi. Mozor esa sukunat maskani... Bozor bilan Mozor bir-biridan naqadar uzoq... Lekin.
Aqli raso odam hech qachon Bozorni buzmaydi. Aqli raso odam hech qachon mozorni ham buzmaydi...
Aqli raso odam qay yurtga bormasin, bozorni aylanadi. Aqli raso odam qay yurtga bormasin Mozorni ham aylanadi. Bozorga kirib, bu yurtning moddiy boyligini ko'radi. Mozorga kirib, ma'naviy boyligiga baho beradi...
Bozor bilan Mozor bir-birdan naqadar uzoq. Bozor bilan Mozor bir-biriga naqadar yaqin! Bayram chechaklari
Bugun bayram. Ko'chalar gavjum. Sho'x- sho'x kuylar yangraydi.guras-guras odamlar
o'tadi. O'yin-kulgi, shodon shovqin bahor osmonini titratadi.
Shundoqqina yo'lka chekkasida o'tirib olgan bolakay ovozi boricha hayqiradi:
-Gul! Kep qolinglar, gul! Atirgul. Bayram gullari!
Uning oldida bir savat gul quyosh parchasidek tovlanadi.
Gullar har xil: oq, qizil, pushti...
Odamlar kelib gul olishadi.
Nariroqda to'nkarilgan eski paqir ustida o'tirib, rediska sotayotgan xotin ora-chora bolaga tanbeh berib qo'yadi:
- Izdachisini berdingmi, a'zam? Pulingga ehtiyot bo'l! Bolakay hamon hayqiradi:
- Kelinglar! Gul olinglar. Gul!
... Bolalik yillarimni eslayman. To'rt aka-uka edik. Dadam hammamizni baravar kiyintira olmagani uchun, bayramga birimizga yangi do'ppi, birimizga botinka, yana birimizga ko'ylak sovg'a qilardi. Biz bayram kelishini orziqib kutar, shungacha yangi kiyimlarimizni har kuni bir-birimizga ko'z-ko'z qilar, ammo kiymas edik. Bayram kuni shaharga tushardik. Go'yo hamma bizning yangi do'ppimizga, ko'ylagimizga havas bilan qarayotgandek tuyulardi.
... Bugun bayram. Odamlar guras-guras o'tadi. Chiroyli kiyingan bolalar shovqin solib yugurishadi.
Gulchi bolakay hamon qichqiradi:
- Gul olinglar, gul!
Boyagi xotin yana tanbeh beradi:
- Pulingga qara, pulingga!
Bugun bayram. Qara, hammayoq bayram! Sen qachon bayram qilasan, bolajon?! Hoy, pul joningni olgur xotin, ayt, u qachon bayram qiladi?!
Mevali daraxt
Mevali daraxt o'ziga ishongani uchun yonida yangi nihol o'sib chiqsa, quvonadi. To'nka o'ziga ishonmagani uchun niholga g'ashlik qiladi. Biroq u xohlaydimi-yo'qmi, nihol o'saveradi!
Erk
Inson tabiati shu: hamma erkni orzu qiladi. Hamma ozodlikka intiladi. Shunaqa-ku... ... Hech o'ylab ko'rganmisiz? Nima uchun Yer kurrasi o'z o'qi atrofida nuqul bir tomonga qarab aylanadi? Bugun bir tomonga, ertaga boshqa tomonga aylansa, nima bo'lardi? Nima uchun Yer o'z o'qi atrofida 24 soatda bir aylanadi? Bugun 24 soatda, ertaga 30 soatda aylansa nima bo'lardi?
Nima uchun Zamin Quyosh atrofini uch yuz oltmish besh kun-u, olti soatda, ikkinchi yili ikki yuz kunda aylansa nima bo'lardi?
Nima uchun Yer kurrasi har yili 22-dekabrda Quyoshga yaqin masofaga boradi, 22- iyunda Quyoshdan eng uzoq masofaga ketadi. Shundayam keragidan ortiq yaqin ham bormaydi, keragidan ortiq uzoq ham ketmaydi? Bu qonunlarni, aniqrog'i, qonuniyatlarni kim yaratgan? Olloh emasmi?
Inson esa Ollohning bandasi emasmi?
Mutloq erkin orzu qilish Tangriga ham xush kelmaydi...
Ilk muhabbat
Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga o'xshaydi. Oppoq. Pokiza. Shaffof... Na qo'lingiz bilan tutasiz. Na ortidan yugurib yetasiz... Shamol uni qayoqqa olib ketishini ham bilmaysiz...
Birinchi muhabbat ko'pincha natijasiz tugashi balki shundandir... Sinov
Bir narsani ko'p kuzatdim. Ona ovqatga o'tirgan zamon chaqaloq yig'layveradi. Keksalar, bunaqa paytda bolani shayton chimchilaydi, deydilar. Bilmadim... Xudoning o'zi kechirsin-ku, menimcha gap shaytonda emas. Bu- tangrining ona mehrini sinash usullaridan biri bo'lsa ajabmas...
Sham yonmasa..
Erkak bilan ayol munosabatida aybni nuqul erkakdan izlash insofdan emas. Sham yonmasa, parvona yaqin kelmaydi.
Qirq jon
Xotin kishining joni qirqta bo'ladi, desalar ajablanmang. Negaki u bitta jonni o'ziga olib qolib, o'ttiz to'qqiuztasini farzandlariga beradi...
Sodda va buyuk
Qadimgi musavvirlar farishtani g'odak qiyofasida tasvirlagani bejiz emas. Bola shu qadar soddaki, biz uning darajasiga tusha olmaymiz. Bola shu qadar buyukki, biz uning darajasiga yetolmaymiz!
Qo'g'irchoq
Bu odam loydan yasalgan qo'g'irchoqqa o'xshaydi. Zamon sal o'zgarsa, boshidan jinday
suv quyadi-da, loyini iylab-iylab, o'zini qaytadan yasab, boshqa qiyofaga kirib oladi... Qattiqroq yomg'ir yog'sa, balchiqqa aylanib ketadi-yov!
Aql va mansab
Aql bilan mansabga erishishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib bo'lmaydi. Yeb to'ymagan-yalab to'ymas
Qadim zamonda ko'zi ojiz odam bo'lgan ekan. Albatta, ko'zi ojizlik ayb emas. Xullas o'sha odam tirikchiligi tang ahvolda qolgach o'ziga o'xshash so'qir bir tilanchiga shogird tushibdi. Gadoylik hunarining sirini o'rgatishni so'rabdi.
- Bu hunarning uchta qoidasibor,-debdi ustozi.- Qayerda bo'lsa ham, qancha bo'lsa ham, kimdan bo'lsa ham olaverasan!
Oradan ko'p yillar o'tibdi. Ustoz tilanchi hammomning issiq xonasida mudrab o'tirsa, yonbosh tomondan ovoz kepti:
- Xayr qili-i-ing!
-Esing joyidami?-debdi ustoz tilanchi. -Hammomda ham sadaqa so'raydimi?
-Qayerda bo'lsa ham!-debdi boyagi ovoz.
Ustoz tilanchining achchig'i chiqibdi.
-Qanaqa betamizsan, yalang'och odamda pul nima qilsin?
- Qancha bo'lsa ham!
Ustoz tilanchi shogirdining ovozidan tanib qolibdi.
- Hoy, badbaxt! Kelib-kelib o'z ustozingniham shilasanmi?
- Kimdan bo'lsa ham!-debdi shogird tilanchi...
Albatta, poraxo'r tilanchi emas. Poraxo'r avvaliga o'zini tiyib yuradi. "Insof" bilan oladi. Ammo bora-bora qayerda bo'lsa ham, qancha bo'lsa ham, kimdan bo'lsa ham olishga o'rganadi. Va... oxiri hammomga yalang'och kiradi... tag'in kim bilsin... Qarib- churuguncha umrguzaronlik qiladiganlari ham oz emas shekilli.
O'rtadagi odam
O'rtadagi odamga havas qilmang. Ham bolg'adan zarba yeydi, ham sandodndan. Teskari haqiqat
Odam qancha ko'p qiziqsa, shuncha ko'p o'qiydi. Qancha ko'p o'qisa, shuncha ko'p biladi. Qancha ko'p bilsa, yashashi shuncha qiyin bo'ladi.
Savob va gunoh
Odamzotning tabiati qiziq: o'zining tariqdek savobi-tarvuzdek, tarvuzdek gunohi- tariqdek tuyuladi...
Aldov
Biz hammamiz-yolg'onchilarmiz. Ayting, qaysi biringiz aqalli biron marta go'dakka yolg'on gapirmaganman, deya olasiz? Go'dakni aldash eng katta yolg'ondir!
Hamma ona - bir ona
Amerika bilan O'zbekiston orasi o'n besh ming chaqirim. Avstraliya bilan Kanada orasi yigirma ming chaqirim. Ammo amerikalik senatorning xotini o'z farzandini o'zbekistonlik dehqonning xotinidan kamroq yaxshi ko'rmaydi. Avstraliyalik aborigen ayol o'z farzandini kanadalik millioner ayoldan ko'proq yaxshi ko'rmaydi.
Buzilgan nikoh
Uyni qonuniy bo'lishdingiz... Mol-mulkni qonuniy bo'lishdingiz... Muhabbat bo'laklandi... Sadoqat bo'laklandi...
Bola-chi? Bolani qaysi qonun bilan bo'lashasiz? Onasi bilan bo'lsa, otasiz qolsa. Otasi bilan bo'lsa, onasiz qolsa... Yaxshisi, uniyam ikkiga bo'ling! Bir nimtasi-erga! Bir nimtasi- xotinga!
Qani ko'taring boltani, bolaning uvoli tutgurlar! Eng sayroqi qush
Bulbulning erkagi sayraydi. Odamning-ayoli. Notavon
U xo'-o'-o'p o'qimishli, xo'-o'-o'p bilmdon, xo'-o'-o'p olim odam. Faqat bitta "juz'iy" kamchiligi bor: chin dildan kulolmaydi, chin dildan yig'lolmaydi
 
GiyosДата: Суббота, 12.01.2013, 17:49 | Сообщение # 2
Полковник
Группа: Administrator
Сообщений: 2492
Репутация: 45
Статус: Offline
Tomsuvoq
Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi bo'lardi. Uning yozilmagan qoidasi bor. Birinchidan, hech kim tomini yolg'iz o'zi suvamaydi:hamma hasharga keladi. Ikkinchidan: beva-bechora, qo'li qisqa xonadonning uyi eng avval tomsuvoq qilinadi.keyin, navbatma-navbat davom etaveradi...
O'qituvchimizning hashariga ayniqsa ko'p odam yig'ildi. Uyi katta yo'l yoqasida edi. Shundoq ko'cha chetidan loyhandaq qazilgan ekan. Somon, katta yo'lning ko'pchib yotgan tuprog'iga qovushib, obdon yumshabdi. O'qituvchimizning Azim aka degan qo'shnisiishboshi bo'ldi. Birov handaqqa tushib loy soberib turdi, birov paqirlab loy tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi... Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli o'rtasidagi tut tagida ovqatlanib o'tirsak, o'qituvchimning keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta avval ko'zi yorigan qizinikiga ketgan ekan).
Kampir hassasini do'qqillatib, to'ppa-to'g'ri o'qituvchimizning oldiga bordi.
- Nima qilding?- dedi o'g'lining salomiga alik ham olmay.- Nima ish qilib qo'yding?! Hammamiz hayron bo'lib qoldik. Muallim o'quvchilarining oldida ayniqsa mulzam bo'ldi, shekilli, qizarib ketdi.
- Nima qipman, oyi?-dedi ko'zlarini pirpiratib.
-Dard!-kampir hassasi bilan yerninuqidi.- Sanga qachon aql kiradi, nodon bola!- Keyin azim akaga yuzlandi.- Bu-ku ahmoqlik qilishga qipti, siz qayoqda edingiz? Nega ko'chadan loy qildilaring?! Ko'chaning tuprog'iga tegib bo'ladimi, nobakor! Ko'pchilikning haqi-ku bu!- Bir zum harsillab turdi-da, to'satdan yig'lab yubordi.- Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman!- Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters o'tirib oldi... ... Hammamiz qaytadan tomga chiqdik... Suvoq qilishdan ko'ra loyni ko'chirish qiyin bo'larkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, ko'chadagi loyhandaqni to'ldirib qo'ydik.
. Oradan yillar o'tib, kampir ko'z yumganida tumonat odam uni o'sha ko'chadan so'nggi
manziliga ko'tarib bordi.
Ko'cha tuprog'i iliq edi. Mayin edi.
Qarz
Bolam bemehr chiqdi, deb, ko'p ham o'kinmang. Balki, sizga adolatsizlik bo'lib
tuyulayotgan narsaning o'zi adolatdir... Siz ota-onangizdan olgan qarzni bolangizga berasiz. Bolangiz o'zining bolasiga... Hayot zanjiri uzulmasligi kerak-ku...
Qizilishton
Bola edim. Kuz edi... so'rida dars qilib yotibman. Ammam bir burchakda mudrab o'tiribdi... Osmonda mezonlar uchadi. Qondek qizargan tok barglari ohista chayqaladi. O'rik xazonlari unsiz pirpirab to'kiladi. Bog' tomondan yakkash bir sado keladi: "tuk-tuk- tuk, tuk-tuk-tuk". G'ashga tegadi. Xayolingni qochiradi... oxiri bo'lmadi, ammamdan so'radim:
- Nima, u, amma?
Ammam chochib, ko'zini ochdi.
- Nimani so'raysan, bolam?
-Anavi to'qillatayotganni-da, nima o'zi?
Ammam bir zum quloq solib turdi. Keyin nosini tupurib, jilmaydi.
- Qizilishton-ku!
-Nega hadeb to'qillatadi? Jonga tegdi-ku?
- Unaqa dema, bolam,- dedi ammam xo'rsinib.- Xudo uni shunga yaratgan, daraxtning qurtini yeb tozalaydi...- Uzoq jim qoldi-da, qo'shib qo'ydi.- Qaniydi, Olloh odamzotning ko'nglidagi qurtlarni tozalaydigan shundoq jonivor yaratsa. Hamma jannatga tusharmidi...
Omonatga xiyonat
Umr tangrining odamzotga o'lchab bergan omonatidir. Biz esa ko'pincha, uni behuda o'tkazib, omonatga xiyonat qilamiz.
Yovvoyilar
Mo'g'ullar Movarounnahrni bosib, qirg'in qilganida bir ayol tirik qolishning yo'lini topibdi. Bosqinchiga aytibdi:
- Men bahosi yarim jahonga teng bir gavharni yutib yuborganman. Meni o'ldirmay, uch- to'rt kun sabr qilsang...
Shunda mo'g'ullar o'sha qishloqdagi hamma xotinlarning qornini yorib, gavhar izlagan ekan...
Sho'rlik yurtim! Ne balolar kechmadi boshingdan! Mehr
Quyosh buloq suviga ham, mag'zavaga ham baravar nur sochaveradi. Yer chuchmomani ham, chaqirtikanakni ham baravar o'stiraveradi. ... Ota-onaga bolaning yaxshi-yomoni yo'q...
Ilon
Ko'p yillar avval Missisipi sohillarida dunyodagi eng katta ilon-anakondani tutib o'ldiribdilar. Uzunligini o'lchayman, deb harchand urinsa ham eplay olmabdilar. Ilonning jasadi, nuqul buklanib qolarmish...
Odamlar ham qiziq. Muttasil egri yurgan mahluq o'lganidan keyin to'g'ri bo'ldi nima-yu, bo'lmadi nima?
Yo'qchilik va to'qchilik
Bir narsaga hech tushunmayman: kitob o'qiydiganlarda pul yo'q. Puli ko'plar kitob o'qimaydi.
Tebranma dunyo
Mehr-yaxshilik, qahr-yomonlik belgisi, degan gap bor... Teskarisi bo'lsa-chi?
Tasavvur qiling. Bir nomard, begunoh odamni o'ldirdi. Siz mehr ko'rgizib, uni jazodan saqlab qoldingiz. U ertasiga boshqa bir begunohni o'ldirdi. Sizning mehringiz yaxshilikka emas, yomonlikka sabab bo'ldi...
Dunyoda soat kapgiridek tebranib turadigan haqiqatlar ham bo'ladi... Ildiz
Nuqul o'tmishidan noliydigan odam kelajagini barbod qilishi mumkin. O'z ildizini inkor qilgan daraxt qurib qoladi.
O'lchov
Umr o'lchovi yolg'iz Ollohga, mazmuni esa ko'p jihatdan insonning o'ziga bog'liq.
Bolalik va keksalik
Bolalikda dunyo keng-u kiyim tor. Keksayganda kiyim keng-u dunyo tor...
Odob
Farzandga oson tutmang. Otaning yuziga tik qarolmaydi. Otaga oson tutmang. Farzandiga dardini ayta olmaydi.
Aql yoshda emas
Yoshligida aqli raso odam keksayib, "annaqaroq" bo'lib qolishi mumkinmi-yo'qmi, unisini bilmadim-ku, ammo yoshligida "annaqaroq" odam keksayganda aqli raso bo'ladi, desalar... Bilmadimov.
Tiriklar va o'liklar
Vaqti-vaqti bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib o'tganlar ruhini xotirlaysiz... Keyin... o'z yumushingiz bilan ketasiz.
Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas... iloji bo'lsa, qabristonni osoyishta aylaning. Shunda... g'alati holat ro'y beradi. Marhumlar sizga ko'-o'-o'p narsalarni aytadi... Ishoning, o'liklar tiriklardan ko'ra teranroq fikrlaydi...
Ne'mat
Ayollar! Yig'lab ko'nglingizni bo'shatishdek ne'matni ato etgani uchun Yaratganga shukronalar qiling!
Majnuntol va qamish
Majnuntolning bosh egib sukut saqlashi donoligi va chayirligidan.
Qamishning g'oz turib shovullashi nodonligi va mo'rtligidan... qiziq, ikkalasi ko'pincha
yonma-yon o'sadi...
Nur va soya
Olloh insonni eng mukammal, eng mukarram zot qilib yaratgan. Bas shunday ekan, yomon odamlar qayoqdan paydo bo'ladi?
Nachora nur bor ekan, soya ham bo'laveradi. Buyog'I o'zingizga bog'liq: xohlang nur bo'ling, xohlang-soya...
Oy va quyosh
Oy quyoshdan nur oladi. Quyosh qancha yorqin porlasa, oy shuncha tiniqlashadi. Erkak qancha mehr bersa, ayolning husni shuncha ochiladi...
Jinoyat
O'z ko'nglidagi mehrni o'ldirish odam o'ldirishdan og'irroq jinoyatdir. Negaki har qanday razillik bemehrlikdan boshlanadi.
Boy va kambag'al
Boy gerdaysa-salobat. Kambag'al ta'zim qilsa-xushomad.
Boy gapirsa-donolik. Kambag'al sukut saqlasa-nodonlik.
Boy "Mersedes" olsa-kamtarlik. Kambag'al velosiped olsa-manmanlik.
Boy jinoyat qilsa-"sho'xlik". Kambag'al sho'xlik qilsa-jinoyat.
Boy o'lsa-motam. Kambag'al o'lsa-"bandalik"...
Amalparast
Echkidek amalga mingan edi, fil ustida o'tirgandek bosar-tusarini bilmay qoldi. Amaldan tushganida fildan yiqilganidek suyaklari sochilib ketmasa deb qo'rqaman!
Mahalliychilik
Mahalliychilik-millatchilikning nikohsiz tug'ilgan bolasi, shovinizmning nikohsiz tug'ilgan nevarasidir!
Biri kam dunyo
Bola tug'dirganlarning hammasi ham Ota bo'lavermaydi. Bola tuqqanlarning hammasi ham Ona bo'lavermaydi. Bolaning hammasi ham farzand bo'lavermaydi...
Ustoz
Ustoz otangdan ulug', deganlari bejiz emas, Ota hayot beradi. Ustoz esa yashashga o'rgatadi. Tug'ilish oson, yashash qiyin...
Husn
Yo'lbars boshqa ov topolmasa, daraxtning pastak shoxiga qo'nib turgan tovusni dumidan tutib yer ekan... Ortiqcha husn boshga bitgan balo bo'ladi, deganlari shu bo'lsa kerak...
Ilg'or tajriba
Odamlar "bozor munosabati" ni baliqdan o'rgangan. Kattasi kichigini yeyaveradi... Adolat
Adolat bitta bo'ladi, deyish soddalikdir. Adolatning qiyofasi ming xil bo'lishi mumkin. Bu- unga qayoqdan qarashga bog'liq.
Xazina
Dunyoda eng bebaho, ammo hamisha tekinga tarqatiladigan xazina bor. Bu- Ona mehri...
Do'st
Do'st degani daraxt yaprog'iga o'xshaydi. Bahor chog'i-behisob. Kuz kelganda-sanoqli. Yoshlik chog'i-behisob. Keksayganda-sanoqli...
Vatan tuyg'usi
Qaysi yurtda non arzonroq bo'lsa, o'sha yerga ko'chib yuradigan odamda Vatan tuyg'usi bo'lmaydi.
Dono va nodon
Dono nodondan o'zini bir pog'ona quyi tutsa, hayron bo'lmang. Taroning yukli pallasi bo'sh palladan pastroqda turadi.
Orzu
Qani endi, qaytadan go'dakka aylanib qolsang-da, o'ylaganingni qo'rqmasdan aytaversang.
FARZANDLARIMGA O GITLAR
Uchrashuvlarda bir savolni ko'p berishadi: "O'zingiz uchun eng qimmatli asar qaysi?" Ko'pincha yarim hazil bilan javob qilaman: "Mening ikkita qimmatli "asarim" bor: biri-o'glim, biri-qizim!"
Senlar menga Xudo bergan eng bebaho boyliksan... Shu bois, diqqat bilan eshit!
* *
Bir narsani orzu qilaman.
Bu dunyoda men qilgan yaxshi ishlardan aqalli bitta ko'proq yaxshilik qilsang...
Bu dunyoda men qilgan xatolardan aqalli bitta kamroq xato qilsang...
* * *
Hech qachon Osmonga tupurma! Osmon qahrli. Tupuging yuzingga qaytib tushadi! Hech qachon Yerga tupurma! Yer mehrli: tupuging yuzingga sachraydi. Ammo shu Yer
seni ko'ksida ko'tarib yuradi!
* * *
Iloji bo'lsa, mening kasbimni tanlama. Yozish qiyin. Haqiqatni yozib, barchaga baravar
ma'qul qilish undan ham qiyin...
* * *
Yomonning yaxshisi bo'lgandan yaxshining yomoni bo'l. yomondan-yomonlik yuqadi.
Yaxshidan-yaxshilik.
Rost gapir. Rostgo'y odam jasur bo'ladi.
* * *
Dushmaningdan qo'rqma, dushmanga aylangan do'stingdan qo'rq. Dushman bilsa bitta
ojiz tomoningni biladi. Dushmanga aylangan do'st esa mingtasini.
* * *
Qo'lingdan kelmaydigan ishga va'da berma.
Qo'lingdan keladigan ishga ham va'da berma.
Qo'lingdan kelmaydigan ishga va'da bersang, uyatga qolasan.
Qo'lingdan keladigan ishni esa, va'da bermasdan bajarsa ham bo'laveradi...
* * *
Hech kimga hasad qilma. Hasadgo'y hech nimaga erisholmaydi. Faqat o'zgani ham,
o'zini ham abgor qiladi.
* * *
Obro' topishning eng to'g'ri yo'li-kamtarlik.
* * *
Yomonlikka yaxshilik bilan javob bersang, bir hissa savob olasan. Yaxshilikka yomonlik bilan javob bersang, o'n hissa gunohga botasan. Negaki, bu dunyoda yomonlikka
yaxshilik qiladiganlardan ko'ra yaxshilikka yomonlik qiladiganlar o'n hissa ko'p.
* * *
Deraza-oynadan yasaladi. Ko'zgu ham. Farqi shuki, ko'zgu o'zingni o'zingga ko'rsatadi. Deraza esa hammasini ko'rib turadi-yu, o'zini ko'rmaganga soladi. Ko'zguga ko'proq
qara!
* * *
Mabodo qachondir mansabdor bo'lib qolsang, bilib qo'y: amal kursisida o'tirganingda kim eng ko'p tovoningni yalasa, kursidan tushganingda o'sha birinchi bo'lib sendan yuz
o'giradi!
* * *
"Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo'q" deydilar. Oilangda janjal chiqsa, eng avval
farzandlaringni o'ylab ish qil!
* * *
Hech kimga yomonlik sog'inma. Hatto dushmaningga yomonlik tilasang bir chekkasi o'zingga qaytib keladi. Negaki olam bus-butundir.
* *
Ayol-gul. Erkak-bog'bon. Sen gulni xor qilsang, uni o'zga bog'bon siypalaydi... erkak- bog'bon. Ayol-gul. Sen bog'bonga tikan sanchsang, u o'zga gulni siypalaydi... ikki o'rtada
sening mevang yetim qoladi. Xudo shundan asrasin!
* * *
Bu dunyoda hamma narsaning javobi bor deydilar. To'g'ri gapl ammo bu dunyoda javob qilinmaydigan narsalar ham bo'ladi.
Sen birovga yaxshilik qilsang, javobini kutma. Undan qaytmasa, boshqadan qaytadi.
Birov senga yomonlik qilsa javob berma. Sendan qaytmasa, boshqadan qaytadi!
* * *
Menga yuz marta ozor bersang, kechirishim mumkin. Onangga bir marta ozor bersang,
kechirmayman: onang senga mendan ko'ra yuz hissa ko'p mehr bergan!
* * *
Noningni yo'qotsang yo'qot, nomingni yoqotma!
URUSHLAR HAQIDA
Insoniyat tarixi-urushlar tarixidan iborat. Ertaklarda-urush. Dostonlarda-urush. Kitoblarda-urush. Kinolarda -urush... Tabaqalar urushi. Fuqarolar urushi. Mamlakatlar urushi. Jahon urushi.
Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, so'nggi olti ming yil ichida Yer kurrasida 5700 marta urush bo'lgan ekan. (Mayda-chuyda qabilalar janjali bu hisobga kirmaydi). Yana o'sha olimlarning aytishicha, odamzot o'rtacha oltmish yil umr ko'rarkan. Bundan chiqdi, insonbolasi hayoti davomida 57 yil urush qilib, uch yil "dam olar" ekan. Astag'firulloh!
Biz kimmiz o'zi?!
* * *
Urushda g'olib va baxtli podshoh, g'olib va baxtli qo'shin, g'olib va baxtli davlat, g'olib va baxtli tuzum bo'lishi mumkin. Ammo, g'olib va baxtli odam bo'lmaydi. Negaki, urush odamni odam o'ldirishga majbur qiladi. Odam o'ldirgan odam esa hech qachon baxtli
bo'lmaydi!
* * *
Urushning yaxshisi bo'lmaydi. Ammo eng dahshatli urush-fuqarolar urushi. Negaki, u
avloddan avlodga "meros" o'tib, abadiy davom etadi!
Urush bilan besh ukunda bitadigan muammo tinchlik bilan besh yilda bitsa, ikkinchi
yo'lni tanlash kerak!
* * *
Bir zamonlar urushda askar o'lsa-o'lgandir. Hozirgi urushda qurol ko'targandan ko'ra qurol ko'tarmagan ko'proq qiriladi. Zamonaviy qurollar okop bilan bolalar bog'chasining,
aedrodrom bilan tug'ruqxonaning farqiga bormaydi!
* * *
Inson-aqlli. Inson-donishmand... shu qadar donishmandki, xat-savodi chiqmay turib omoch o'ylab topdi... G'ildirak ixtiro qildi. Narvon... Keyin suvda suzdi. Osmonda uchdi. " Oynai-jahon"ni yaratddi... ko'p bedavo dardlarga shifo topdi. Qadami Oygacha yetdi... Inson- aqlli. Inson-donishmand... Shu qadar "donishmand"ki, bir zarb bilan butun boshli shaharni kultepaga aylantiradigan atom bombasini o'ylab topdi. Shu qadar "donishmand"ki, bir zarb bilan butun boshli mamlakatni yer bilan yakson qiladigan vodorod bombasini yaratdi. Shu qadar "donishmand"ki, bir zarb bilan million odamni, mol-holni, qurt-qumirsqani qirib tashlab, "jonsiz" boyliklarga- uy-joy, mol-mulk, oltin- kumush, temir-tersakka ziyon yetkazmaydigan "aqlli" neytron bombasini kashf etdi... Shu qadar "donishmand"ki, bir tomchisi havoga purkalsa, yetmish odamni til torttirmay o'ldiradigan "U-X" degan zaharni ixtiro qildi va ...o'sha zahri-qotilning 15 ming tonnasini g'amlab qo'ydi...
Bu qurol bilan yetti yuz milliard odamni qirib tashlash mumkin ekan! Holbuki, Yer kurrasida besh milliard odam yashaydi...
...Inson-aqlli. Inson-donishmand. Inson- telba!
* * *
Odamxo'rlik-kannibalizm, besh asr avval barham topgan, deydilar... Unday emas.
Modomiki, yer yuzida urush balosi bor ekan, shuning o'zi odamxo'rlikdir.
* * *
Urush degan palakatni, ko'pincha, kaltafahm siyosatdonlar o'ylab topadi. To'nkamijoz generallar boshlaydi. Jabrini esa begunohlar tortadi. Begunoh askar. Begunoh ota. Begunoh ona. Begunoh kelin. Begunoh go'dak...
SAKKIZINCHI MO JIZA
Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak.
* * *
Badiiy ijod shunday daraxtki, shoxida umuminsoniy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy zaminda yotadi.
* *
Adib qaysi tilda asar yozsa, o'sha xalqning yozuvchisi hisoblanadi. Bu o'rinda millatning
daxli yo'q.
* * *
Yozuvchilik-ikki foiz talant, to'qson sakkiz foiz mehnatdir, degan gap to'g'ri bo'lsa,
dunyodagi hamma chumolilar yozuvchi bo'lardi!
* * *
Haqiqiy dengizchi ummonda o'zini qanchalik erkin his qilsa, haqiqiy yozuvchi ham so'zlar ummonida shunchalik erkin suzishi kerak. To'rtta jumla yozmay turib, u yog'iga so'z
topolmay qoladigan odamdan yozuvchi chiqmaydi.
* * *
Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o'qiladi.
* * *
Tasavvur qiling: siz tasviriy san'at muzeyiga kirdingiz. Polotnolardagi ranglarni, odamlarning qiyofasini ko'zingiz bilan ko'rib, hayajonga tushasiz. Tasavvur qiling: siz magnitafonda muzika tinglayapsiz. Cholg'u ohanglari, xonandaning ovozini qulog'ingiz bilaneshitib, hayajonga tushasiz... endi tasavvur qiling: siz kitob o'qiyapsiz. Oq qog'ozda qora chiziqlar-harflardan bo'lak hech qanaqa rang yo'q. hech kim kuy ham chalmaydi. Ammo asarni o'qishga kirishishingiz bilan ko'z o'ngingizda rangin manzaralar paydo bo'ladi. Qulog'ingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi. O'zingiz bilmagan holda qattiq hayajonga tushasiz...
Hech shubhasiz, badiiy adabiyot-dunyodagi sakkizinchi mo'jiza!
* * *
U- zo'r ijodkor. Shunchali "polvon"ki, qayoqqa borsa, bir qop "paxta" orqalab yuradi.
* * *
O'z xalqi tanimagan, o'z xalqi sevmagan yozuvchini jahon kitobxoni sevishiga
ishonmayman.
* * *
Qog'oz oq bo'lgani uchun unga So'z bitadilar. Paytava kr bo'lgani uchun unga So'z bitib bo'lmaydi. Qog'oz pok bo'lgani uchun zarracha cho'g' tushsa, yonib ketadi. Paytava kir bo'lgani uchun tutaydi-yu, yonmaydi. Yozuvchi bo'lish uchun iste'dodning o'zi kamlik qiladi.
Qalbi qog'ozdek oq, qog'ozdek yonadigan odamdangina chinakam yozuvchi chiqadi.
Shoir har kuni aqalli bitta she'r yozishi kerak, adib har kuni aqalli bitta sahifani to'ldirishi kerak, degan gaplar yuradi.
Chindan ham tikuvchi har kuni aqalli bitta ko'ylak tikadi. Oshpaz har kuni aqalli bir qozon osh damlaydi. Novvoy har kuni aqalli bir tandir non yopadi... shaunday ekan, shoir nega har kuni aqalli bitta she'r yozmasligi kerak?
Shunaqa-ku... Tikuvchi do'kondan tayyor mato olib, tayyor bichim bilan ko'ylak tikadi. Oshpaz bozordan tayyor masalliq olib, tayyor qozonda osh damlaydi. Novvoy kappondan tayyor un olib, tayyor tandirda non yopadi...
Qalamkash esa, "mato" bilan "bichim"ni ham, "masalliq" bilan "qozon"ni ham, "un" bilan "tandir"ni ham o'zi yaratishi kerak. Boshqalar bor joydan bor qilsa, ijodkor yo'q joydan
bor qiladi. Buning uchun esa, Xudo bergan iste'dod, Xudo ko'ngliga slogan ilhom kerak!
* * *
Yozuvchi o'zi his qilgan hamma narsani to'la to'kis qog'ozga tushira olmaydi. Kitobxon qog'ozga tushira olmaydi. Kitobxon qog'ozga tushganlarning hammasini to'la-to'kis his qilolmaydi. Binobarin, kitob yozayotgan qalamkash hayajoni kitob o'qiyotgan o'quvchi hayajonidan o'n karra kuchliroq bo'ladi.
Asar o'qiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, o'sha sahifalarni qalamkash rostmana kulib yozgan. Kitob o'qiyotganingizda ko'zingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki,
qalamkash o'sha sahifalarni rostmana yig'lab yozgan.
* * *
Asar binoga o'xshaydi. Faqat bino g'ishtdan quriladi, asar esa so'zdan. Endi bir narsani tasavvur qiling: bitkazilgan binodan bitta g'ishtni sug'urib olsangiz, uning husniga shikast yetadi. O'nta g'ishtni ko'chirsangiz, bino bosib qoladi... Shunday asarlar borki, butun-butun jumlalarni olib tashlasangiz ham, yuzta so'zni o'chirsangiz ham, mingtasi o'rnini almashtirsangiz ham hech nima o'zgarmaydi...
Bunaqangi "asar" bino emas, vayronadir!
* * *
Talantsiz yozuvchi tovuqqa o'xshaydi. Yong'oqdek tuxum tug'adi-da, qaqog'lab olamni
buzadi!
* * *
Ijod-yuz metrli masofani kim o'zarga yugurib o'tiladigan sprinterlik musobaqasi emas,
uzoq va mashaqqatli yo'ldir.
* * *
Bir hamkasbim nolidi:
-Bugungi kitobxon nodon, savodsiz. Mening qadrimni biladiganlar yuz yildan keyin
tug'iladi.
Men yupatdim:
- Gapingiz to'g'ri... Faqat uni notariusdan tasdiqlatib, po'lat sandiqqa solib qo'ying... yuz yildan keyin so'zingizga guvoh topishingiz mushkul...
* * *
Ikkita eng xolis hakam-Kitobxon va Vaqt sinovidan o'tgan asar haqiqiy asardir.
* * *
Uchta bolasi bilan xotinini tashlab ketti-da, "Bolalar baxtini o'ylang" deb shig'ir yozdi.
Qoyilley, shovvoz!
* * *
Adiblar ulug' yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu so'zlarini ijodxona peshtoqiga yozib qo'ysalar arziydi. "Adabiyot atomdan kuchli.uning kuchini o'tin yorishga sarflamaslik kerak!"
Munaqqidlar ustoz Ozod Sharafuddinovning ushbu so'zlarini shior qilib olsalar arziydi.
"Tanqidchi ijod bog'iga bolta emas, tokqaychi ko'tarib kirishi kerak!"
* * *
Dehqon tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: ko'p hosil oladi. Quruvchi tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: chiroyli imorat quradi. Jarroh tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: yaxshi operatsiya qiladi... Ijodkor tajribasi oshgan sayin yumushi og'irlashadi.
Uning o'zini takrorlashga haqqi yo'q!
* * *
Haqiqat havoga o'xshaydi. Rangini ko'rmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. Hidini bilmaysiz... Ammo bir lahza havosiz qolsangiz, bo'g'ilib ketasiz. Kitob ham shunday. Yolg'onga duch
kelgan kitobxon bo'g'ilib ketadi.
* * *
Iste'dodlilar hadeganda qovusha qolmaydi. Ular yulduzga o'xshaydi. Har bir yulduzning o'z mehvari bo'ladi. Yulduzlar bir-birini inkor etmaydi. Ammo bir-birining mehvariga kirmaydi ham. Iste'dodsizlar esa bir zambil shag'aldek gap. Darrov to'dalashadi. To'da bo'lib jim yotsa-ku, mayli... Baraka topgurlar iste'dodlilarga tosh otaverib bezor qilgani
chatoq...
* * *
Hamkasblarim meni kechirsin-ku, ba'zi qalamkashlar varrakka o'xshaydi. Shamol qayoqqa essa, o'sha yoqqa qarab, shox tashlaydi. Shamol qancha qattiq essa, dumini
shuncha shitob bilan likillatadi. Qancha havolansa, dardaragi shuncha qattiq varillaydi.
* * *
"Muhabbat" degan so'z hamma tillarda bor. Inglizlarda-"Lav", nemislarda-"Libe", lotin tilida "Amor", rus tilida "Lyubov"... "Lyubov k Rodine", "Lyubob k jenshine", "Lyubov k materi"... Albatta, barcha tillarda bu so'zning bir necha xil ifodasi ham bor.
Ammo o'zbek tilida "Muhabbat" degan so'z shu qadar rango-rang ma'nolarga egaki, hayratda qolasiz! "Yoqtirib qolmoq", "Ko'ngil bermoq", "Moyil bo'lmoq", "Xushtor bo'lmoq", "Oshufta bo'lmoq", "Dil bermoq", "Bedil bo'lmoq", "Mubtalo bo'lmoq", "Maftun bo'lmoq", "Mahbub bo'lmoq", "Oshiq bo'lmoq", "Yaxshi ko'rmoq", "Ishq", "Ishqi tushmoq", "Ishqi foniy", "Ishqi boqiy", "Sevgi", "Muhabbat", "Mehr" va hokazolar... Tabiiyki, bular orasida boshqa tillardan kirganlari ham bor. Biroq ularning barchasi- teng huquqli o'zbek so'zlari!
Gap faqat bunda ham emas. Bu iboralarning hammasi umumma'noni anglatadi va ... har biri alohida ma'no tashiydi!
Mumtoz adabiyotda "ishq" so'zining o'zi ikki xil ma'noni ifodalaydi. "Ishqi foniy"- mahbubaga nisbatan sevgi. "Ishqi boqiy" -Tangrining diydoriga yetish... Bugungi kunimizga kelsak... Boshqa tillarda uchrashi mushkul bo'lgan g'alati holatlarni ko'ramiz. "Vatanga moyil bo'lmoq" degan ibora kulgili tuyuladi. "Vatanni sevmoq" deyiladi. "Ota sevgisi" degani shakkoklikka o'tib ketadi. "Ona ishqi" degani gunoh hisoblanadi. Farzandning onaga "Xushtor bo'lmog'i" do'zaxiylik sanaladi. "Ota-ona mehri", "Farzandning ota-onani yaxshi ko'rishi", "Farzand mehri" deyiladi... Shunday qilib, "Yoqtirib qolmoq" bilan "Ko'ngil bermoq", "Ko'ngil bermoq" bilan "Oshiq bo'lmoq", "Oshiq bo'lmoq" bilan "Sevmoq", "Sevmoq" bilan "Muhabbat", "Muhabbat" bilan "Yaxshi ko'rmoq", "Yaxshi ko'rmoq" bilan "Mehr" orasida uzoq, juda uzoq masofa
bor...
Tilimiz naqadar rango-rang! Tilimiz naqadar boy!
* * *
U yovvoyi gul edi: dashtda tugildi.
Bahor yomg'irlari shivirlagan pallada yerni tirmalab, yorug' dunyoga chiqdi. Barq urib o'sa boshladi.
Biroq... Qurg'oqchilik boshlanib, yer toshdek qotdi. U jizg'anak bo'lib, so'ldi. Ustiga-ustak allaqanday mol uni toptab o'tdi...
Ketidan achchiq-achchiq shamollar esdi. Qor yog'di... Tamom! ... Ammo u tirik edi!
Yana bahor keldi. Ilq-iliq yomg'irlar yog'di. U jamiki ko'rgiliklari evaziga qaytadan bosh ko'tardi. Qaddini rostlab yana barq urib o'sdi. G'uncha tugdi... olov parchasidekyal-yal yondi. Shu qadar muattar bo'y tarata boshladiki, hamma hayratdan yoqa ushladi!... Shunda...
Uni ko'chirib keltirdilar-da, qimmatbaho tuvakka solib, uyning to'riga keltirib qo'ydilar.
Qandoq yaxshi! Qurg'oqchilik qovjiratmaydi. Mol toptamaydi. Izg'irin shamollar vujudini
qaqshatmaydi. Boshiga qor yog'maydi... Hammaga ko'z-ko'z qiladilar...
Shunaqa-ku... Negadir u endi muattar bo'y taratmay qo'ydi...
Oradan kun o'tdi...
Hafta o'tdi...
Oy o'tdi...
... Uni uloqtirib yubordilar-da, qimmatbaho tuvakka boshqa gul keltirib o'tqazdilar...
* * *
- Iste'dodsiz iste'dodsizni yomon ko'rsa nima bo'ladi?-Hech nima bo'lmaydi! _ Iste'dodsiz iste'dodlini yomon ko'rsa nima bo'ladi?
- Hech nima bo'lmaydi!
-Iste'dodli iste'dodsizni yomon ko'rsa nima bo'ladi?
- Hech nima bo'lmaydi.
-Iste'dodli iste'dodlini yomon ko'rsa nima bo'ladi?
- Fojia bo'ladi!
* *
Ko'pchilik qalam ahlining bitta ojizligi bor: hammasi-"birinchi"!
Holbuki, kim "birinchi", kim "yuzinchi", kim umuman "hech nechanchi emas"- kitobxon
hal qiladi.
* * *
Yozuvchining o'quvchiga aytadigan dardi qancha kuchli bo'lsa, asar tili shuncha biyron
bo'ladi.
* * *
Bolta bilan qalam bir-biriga o'xshaydigan buyumlar emas. Ammo xizmati jihatidan anchayin yaqin turadi.
Bolta- qotil qo'lida o'lim quroli. O'tinchi qo'lida mehnat quroli. Hunarmand qo'lida san'at quroli.
Qalam-hasadg'oy qo'lida o'lim quroli. Savodxon qo'lida mehnat quroli. Iste'dod qo'lida
san'at quroli.
* * *
Qadimgi kimyogarlar oltinning sof yoki qalbakiligini aniqlash uchun mohaktosh qo'llar ekanlar. Yozuvchining so'zi mohakka o'xshaydi. Bir og'iz Rosti uchun minglarning duosini oladi. Bir og'iz Yolg'oni uchun minglarning qarg'ishiga qoladi... qalamkashning buyuk
baxti ham, buyuk baxtsizligi ham shunda!
* * *
Chinakam asar tug'ilmasdan oldin uning ohangi, muzikasi paydo bo'ladi. Bu- g'oya emas, syujet ham emas, aynan OHANGdir. Mana shu ohang adibni qo'lidan sudrab kelib,
stolga "mixlab" qo'yadi. Asarning joni degani shu bo'lsa kerak.
* * *
Tanqiddan bezor bo'lgan shoir aytibdi:
-Siz nuqul birovlarning asarlarini tanqid qilasiz. O'zingiz bironta she'r yozganmisiz? Tanqidchi aytibdi:
- Men kunora tuxum yeyman. Ammo uning mazasini bilish uchun o'zim tuxum tug'ishim shart emas.
Shoir aytibdi:
- Men ham kunora odamlar haqida she'r yozaman. Ammo odamni bilish uchun kunora
uning go'shtini yeyayotganim yo'q-ku!
Hech o'ylab ko'rganmisiz? Nima uchun eng teran falsafiy asarda ko'pincha telba qatnashadi.
Nima uchun eng jiddiy asarda masxaraboz o'ralashib yuradi?
Faylasufning yeti uxlab tushiga kirmagan dono fikrni telba bilmaydi, deb o'ylaysizmi? Dunyoning ustuniman, deb yurgan azamatlar o'ylashga ham qo'rqadigan haqiqatni
masxaraboz aytmaydi, deb o'ylaysizmi?
* *
Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin o'z asarlarida 21 ming 197 ta betakror so'z ishlatgan. Shekspir salkam 20 mingta, Servantes 18 mingga yaqin, Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming 600 ta betakror so'z ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkey emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, mo'g'ul va boshqa tillardagi so'zlardan ham mahorat
bilan foydalangan.
* * *
Hasad o'sib o'sib g'arazga, g'araz-fitnaga aylanadi. Fitna esa har qanday razolatning
onasidir.
* * *
Hasadg'oyning fikrlash tarzi g'alati. "Agar falonchi bo'lmaganida mening ishim yurishib ketardi", deb ichidan ezilaveradi. Boshqa jabhalarni bilmadim-ku, lekin ijob sohasida bu bema'ni xomxayol. Ijod amal kursisi yoki davlat kvartirasi emaski, birovning o'rnini birov
egallasa. Kitobxon mehrini zo'ravonlik qilib ham, tilanchilik qilib ham olib bo'lmaydi.
* * *
Shuhrat-yoqimli, ammo aldamchi narsa. U tog' cho'qqisiga o'xshaydi. Qancha baland ko'tarilsangiz, shuncha ko'zingiz tinadi. Hushyor bo'ling! Bitta nojo'ya qadam qo'ysangiz,
jarlikka uchib ketishingiz aniq!
* * *
Maktab o'qituvchisining So'zi o'ttiz bolaga yetib boradi. Dorilfunun domlasining So'zi yuz talabaga yetib boradi. Notiqning So'zi ming tinglovchiga yetib boradi.
Qalamkashning So'zi bir yo'la o'n ming, yuz ming kitobxonga yetib boradi. Demak, uning
so'z mas'uliyati ham boshqalarnikidan ming hissa ortiqroqdir.
* * *
Yozuvchi o'zi his qilgan hamma narsani qog'ozga to'la-to'kis tushira olmaydi. O'quvchi kitobdagi hamma narsani to'la-to'kis his qilolmaydi... kitob o'qiyotganingizda bir marta jilmayib qo'ysangiz, bilingki, yozuvchi o'sha satrlarni rosmana kulib yozgan. Ko'zingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, yozuvchi o'sha satrlarni rosmana yig'lab yozgan...
Har qanday muhim g'oya ham inson qismatiga aylanmasa, quruq gap bo'lib qolaveradi.
Modomiki talantsizlar yovuz niyatda bir-biri bilan til topishar ekan, talantlilar ham yaxshi
niyatda birlashmog'i lozim.
* * *
Iste'doli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan o'tadi. Birinchisi - nimaki yozmasin chiqarishi mushkul palla. Ikkinchisi- nimaiki yozmasin, chiqarishi oson bo'lgan palla. U birinchi bosqichdan omon-eson o'tadi. Ammo ikkinchi bosqichdan o'tishi og'ir, juda
og'ir...
* * *
Katta iste'dod avval xalq e'tiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq e'tiqodini qozonadi. Aslida mana shu uch bosqichning har bittasi bir umrga teng.
© O'tkir Hoshimov, http://utkir.edunet.uz
 
ГостьДата: Пятница, 05.04.2013, 11:16 | Сообщение # 3
Группа: Qadrli mehmon





the best a book
 
Giyos/FORUM » ERKIN MAVZU » MUTOLAA (Mashxur va qiziqarlilari) » O'tkir Hoshimov "Daftar Hoshiyasidagi bitiklar" (Nomalar)
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:
Flag Counter